JASURBEK — ZOMINNING FAXRI, JIZZAXNING G‘URURI!
#Zomin_tumani
JASURBEK — ZOMINNING FAXRI, JIZZAXNING G‘URURI!
Kitobga muhabbat, bilimga sadoqat va tinimsiz mehnat yana bir yosh iste’dod egasini yuksak marraga olib chiqdi. “Yosh kitobxon” respublika tanlovining 15–19 yosh toifasida Jizzax viloyati vakili, zominlik yosh Abdug‘affarov Jasurbek Dunyomiddin o‘g‘li mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi — “BYD Chazor” elektromobili bilan taqdirlandi.
Bu ulkan g‘alaba nafaqat Jasurbekning shaxsiy muvaffaqiyati, balki butun Jizzax viloyati, Zomin tumani, ustozlar va ota-onalar uchun ham cheksiz faxr va iftixor manbaiga aylandi. Yosh avlodning kitobga, ma’rifatga va ilm-fanga bo‘lgan yuksak intilishi yana bir bor o‘zining yorqin natijasini namoyon etdi.
G‘olib Jasurbekni Zomin tumani aholisi katta tantana, samimiy olqishlar va ko‘tarinki ruhda kutib oldi. Tadbir davomida Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev so‘zga chiqib, yosh g‘olibni samimiy muborakbod etdi hamda uning erishgan muvaffaqiyati barcha yoshlar uchun chinakam jasorat va intilish namunasi ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan Jasurbekka zamonaviy kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan odil va uzoqni ko‘zlagan yoshlar siyosati bugun ana shunday iste’dodli, bilimli va salohiyatli yoshlar timsolida o‘z samarasini berayotganini qayd etdilar.
Bugun Jasurbekning g‘alabasi minglab yoshlar qalbida yangi orzularni uyg‘otdi. Chunki kitob o‘qigan, ilm ortidan intilgan yosh hech qachon yutqazmaydi. Zomin farzandi erishgan ushbu yutuq — bilim va ma’rifatning haqiqiy tantanasidir.
Jasurbekning muvaffaqiyati Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, qat’iyati va intellektual kuchini yana bir bor namoyon etdi. Bu g‘alaba uzoq yillar davomida yoshlar uchun ilhom, motivatsiya va yuksak maqsadlar sari dadil qadam tashlashga undovchi yorqin misol bo‘lib qoladi.