“Umummilliy birdamlik festivali” doirasida “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi amalga oshirildi
#Zomin_tumani
“Umummilliy birdamlik festivali” doirasida “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi amalga oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Umummilliy birdamlik festivali” doirasida Zomin tumanining Qayirma mahallasida ham qator ma’naviy dasturlar tashkil etildi.
Xususan, Yoshlar markazi binosida “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi amalga oshirilib, unda mahalla aholisi, yoshlar, nuroniylar va san’at arboblari faol ishtirok etdilar. Mazkur loyiha doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ustoz-shogird uchrashuvlari, turli madaniy dasturlar o‘tkazilib, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiluvchi suhbatlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida respublikamizdan tashrif buyurgan mashhur san’at arboblari – O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, estrada xonandalari Aziz Rajabiy, Jasur Raximov, estrada xonandasi va kino aktyori Bekzod Isxakov ishtirok etib, yoshlar bilan dildan suhbatlashdilar. Ular o‘z ijodiy tajribalari, san’at olamidagi faoliyati va Vatanimiz istiqboliga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, kichik yoshdagi bolajonlar tomonidan Vatan madhini tarannum etuvchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Bu esa tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishlab, festivalning mazmunini yanada boyitdi.
“Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, san’at va madaniyat orqali Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat tuyg‘ularini singdirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.