Til vositayi, robitayi olamiyondur
HAYOTBAHSH QUDRAT MANBAYI
Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan milliy tiliga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq taqdiri, millat va elatlarning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, u ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oynayi hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekistonning birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi. O‘zbek xalqining, uning milliy madaniyati va o‘ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo‘lmish o‘zbek tilining har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, mazkur tilning davlat tili maqomidek salohiyatini izchil va to‘liq ro‘yobga chiqarish muhim vazifa.
Darhaqiqat, davlat tili – kuch qudrat va ilhom manbaidir. 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston hali o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritmay turib, ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilib, intilib va kurashib kelgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ushbu tarixiy hujjatga ko‘ra, o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Istiqlol yillarida o‘zbek tili tom ma’noda davlat tili maqomiga erishib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek ezgu maqsadlarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Ayni paytda, ushbu sana ma’naviy va ma’rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan hayotimizda nihoyatda muhim ahamiyatga ega sanaladi. Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat: birinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, ikkinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 hamda keyingi yillarda amalga oshirish dasturi, uchinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Bugungi kunda ana shu hujjatlarda o‘z aksini topgan aniq va qamrovdor vazifalar ijrosini ta’minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Hayot davom etar ekan, ona tilimizning hayotbaxsh qudrati oshib boraveradi.
Nargiza ANVAROVA tuman axborot-kutubxona markazi direktori