"Tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur" mavzusida kutubxona kvesti.
Atoqli ma’rifatparvar, iste’dodli shoir va pedagog Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda kosib oilasida dunyoga kelgan va eski maktabda ta’lim olgan. Abdulla Avloniy maktab o‘quvchilari uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912), «Tarix», «Turkiy Guliston yoki axloq» (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo‘lgan darsliklarni yozgan. 1895 yildan ijodiy faoliyati boshlangan Avloniy «Qobil», «Shuhrat», «Hijron», «Avloniy», «Surayyo», «Abulfayz», «Indamas» taxalluslari bilan she’r, hikoya, feleton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratgan. Shoir o‘z asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqiradi. Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. U «Advokatlik osonmi?», «Ikki muhabbat», «To‘y», «S’ezd», «Layli va Majnun», «O‘liklar» kabi dramatik asarlarni yozib, ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi. Abdulla Avloniy shoir sifatida ko‘plab she’rlar bitgan. Joriy yilning 17 iyul sanasida Zomin tuman axborot-kutubxona markazi axborot-bibliografiya xizmati xizmat rahbari D. Artikova va mutaxassisi D. Qarshiboyevalar tomonidan atoqli ma’rifatparvar, iste’dodli shoir va pedagog Abdulla Avloniyning hayoti va ijodi hamda “Tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur” mavzusida 15 umumiy o'rta ta'lim maktabi o'quvchilari o'rtasida kvest jamoaviy o`yini tashkil etildi. Ushbu jamoaviy o'yinda "Sardorlar" jamoa o’quvchilari faol ishtirok etishdi. Abdulla Avloniy asarlari va hayoti, faoliyati asosida tuzilgan savollarga o’quvchilar uch guruhga bo’lingan holda javob berishdi. Kvest o’yinini yanada qiziqarliroq tashkil etish, adib ijodini o’rganish maqsadida savollarning javoblari honadagi kitoblar ichiga yashirilgan edi va ularni topishga bo’lgan ishtiyoq o’quvchilarni kitoblar bilan ham tanishib chiqishlariga yordam berdi.