O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Central Asia – 2022”: Fan, ta'lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi
2022 yil 24 may kuni Andijon shahrida viloyat axborot-kutubxona markazi binosida OAV vakillari uchun “Central Asia – 2022”: Fan, ta'lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Q.Tursunov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari N.Xoldorova, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori M.Raxmatullaev, Andijon viloyat axborot-kutubxona markazi direktori G.Ismailovalar so‘zga chiqib, OAV vakillarini Xalqaro konferensiyaning maqsadi, ahamiyati, mohiyati va u bilan bog‘liq masalalar bilan tanishtirdilar.
Hususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Q.Tursunov mazkur konferensiyaning yil sayin kengayib borayotgan geografiyasi, uning har yili turli viloyatlarda o‘tkazilishining samarasi haqida so‘z yuritdi. “Ushbu yirik tadbirlarda respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi, tajribalari, muammolari tahlil qilinib, istiqboldagi rejalari belgilab olinadi va hamkorlikda ishlash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Konferensiyani hududlarda o‘tkazish tajriba almashish imkoniyatini kengaytirib kelmoqda, sohaning viloyatlarda rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu yilgi konferensiya o‘n beshinchi, ya'ni yubileyligi bilan ham ahamiyatlidir”.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari N.Xoldorova mazkur konferensiyada ko‘riladigan masalalar, umumiy ishtirokchilar tarkibi, shular jumlasidan xorijiy ekspertlar bilan tanishtirdi. “Pandemiya davrida orttirgan tajribamizga asosan bu yilgi konferensiya oflayn va onlayn shaklda tashkil etiladi. Bunda ishtirok etish istagini bildirgan barcha mutaxassislar masofaviy ishtirok etish, o‘z fikrlarini bildirish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu yilgi konferensiyada 400ga yaqin mahalliy hamda 8 ta xorijiy davlat: Belorussiya, Bolgariya, Germaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Tojikistondan 30 dan ziyod onlayn va oflayn shaklda ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Aytib o‘tish joyizki, bu yil tashkilotchilar qatorida Milliy gvardiya, Mudofa vazirligi kasaba uyushmalari mutaxasislari ham qiziqish bildirib ishtirok etishmoqda”, - dedi N.Xoldorova.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori M.Raxmatullaev mutaxassislar va foydalanuvchilar uchun jahon axborot resurslari xorijiy ilmiy ta'limiy bazalari imkoniyatlari bilan tanishtiruvchi mahorat darslari, seminarlar tashkil etilishi haqida ma'lumot berdi va ularda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Andijon viloyat axborot-kutubxona markazi direktori G.Ismailova barchani Andijon viloyatida qutlab, konferensiyadan kutilayotgan natijalar, mutaxassislar uchun uning naqadar foydali va amaliy tajriba bo‘lishini ta'kidladi.
OAV vakillari tashkilotchilarga anjuman maqsadi, avvalgi yillardan farqli jihatlari, uning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi, axborot ochiqligi hamda axborot havsizligi borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar va batafsil javoblar oldilar. Brifingda 25 dan ziyod jurnalist, ijtimoiy tarmoq faollari va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etdilar.Shu jumladan Jizzax viloyati Zomin tuman Axborot-kutubxona markazi direktori Anvarova Nargiza Odiljonovna ham ushbu semenarda faol ishtirok etmoqda.