Mustaqillikning 34 yilligi arafasida Zominda yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi
#Zomin_tumani
Mustaqillikning 34 yilligi arafasida Zominda yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi
Zomin tumani Taraqqiyot mahallasida xalqimiz uchun muhim voqealardan biri – yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu loyiha mahallabay ishlash tizimini takomillashtirish, aholiga yanada qulay sharoitlar yaratish hamda davlat va jamiyat hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida amalga oshirildi.
Ochilish marosimida Zomin tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi O‘rol Oqqulov, Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri Muhammadi G‘oibnazarov ishtirok etib, mahalla aholisi va mehmonlarni ushbu qutlug‘ voqea bilan tabrikladilar.
Tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev yangi bino nafaqat mahalla faollari uchun ish maskani, balki fuqarolar bilan ochiq va samarali muloqot, turli yig‘ilishlar, huquqiy maslahatlar, yoshlar va nuroniylar bilan ishlash uchun qulay sharoit yaratishini ta’kidladi.
Zamonaviy inshootda yig‘ilish zallari, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish xonalari, yoshlar va nuroniylar uchun maxsus maskanlar tashkil etilgan bo‘lib, u mahalla aholisining davlat va jamiyat bilan yanada yaqin hamkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Marosim davomida mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar so‘zga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar hamda kelgusida mahalla rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.