KUTUBXONAGA SAYOHAT
KUTUBXONAGA SAYOHAT
Kutubxona — bu bosma va qo‘lyozma asarlarni (kitoblar, jurnallar, gazetalar) to‘playdigan, saqlaydigan, tartiblaydigan hamda kitobxonlarga foydalanish uchun taqdim etadigan madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasadir. So‘z arabcha "kutub" (kitoblar) va tojikcha "xona" (joy) so‘zlarining birikmasidan hosil bo‘lgan bo‘lib, "kitoblar joyi", "kitoblar xonasi" ma’nosini anglatadi.
Har qanday holatda ham mazkur maskan bilim, ziyo tarqatuvchi muqaddas dargohdir. Bekorga xalqimiz orasida “Kutubxona - nurxona”, degan ibora mashhur emas.
Bugun Zomin tumanidagi Axborot-kutubxona markaziga sayohat qildik. Bu yerda xozirda 20 ming 100 tadan ortiq turli janrlardagi badiiiy kitoblar, ilmiy va sohaviy adabiyotlar mavjud. Jumladan, 3041 nusxada 1495 nomdagi bolalar adabiyoti, 151 nusxada 56 nomdagi audio resurslar, xatto 9 nusxada 8 nomdagi brayl yozuvidagi asarlar mavjud ekan. Qiroatxonada maxsus joylar, kutubxonaning o’zida vbadiiy va ilmiy adabiyotlardan, turli manbaalardan bemalol foydalanish uchun kompyuter jamlanmalari mavjud. Bu ulkan boylikni 17 nafar malakali mutahassislar ko’z qorachig’idek asrab, kitobxonlarga sifatli xizmat ko’rsatib kelishmoqda ekan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutaolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadlarida Zomin AKMda ham yil bo’yi turli kitob ko‘rgazmalari, seminarlar, taqdimotlar, adabiy-badiiy kechalar tashkil etib kelinarkan. Tumandagi barcha maktabgacha va maktab muassasalari, texnikum va kollejlar, tashkilot va muassasalar bilan mustahkam uzviy aloqa o’rnatilgani, “Yashil jomadon”, “Tabiat qo’ynida kitob o’qiymiz” kabi aksiyalar soni va sifati ortib borayotgani kutubxona xodimlarining mehnati mahsulidir.
Bugungi kunda davlatimiz rahbariyati tomonidan kutubxonachilarni ijtimoiy himoyasiga ham e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risi”dagi PQ-4354 sonli qaroriga asosan “21-may – kutubxonachilar kuni” sifatida nishonlash belgilandi. Shu munosabat bilan may oyi Zomin AKM mutaxassislari uchun katta mas’uliyat oyligidir.
Mazkur sayohat biz uchun ham unutilmas taasurotlarga boy va qiziqarli bo’ldi. Qaytayotganda esa, bu dargohga yana ko’p bor tashrif buyurishni chin dildan maqsad qildik...