“Bolalarga bering dunyoni” kitob ko‘rgazmasi davom etmoqda
“Bolalarga bering dunyoni” kitob ko‘rgazmasi davom etmoqda
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Zomin tuman axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan “Bolalarga bering dunyoni” nomli kitob ko‘rgazmasi kitobxonlar e’tiborini qozonishda davom etmoqda.
Ko‘rgazmada bolalar uchun mo‘ljallangan ertaklar, qiziqarli hikoyalar, she’riy to‘plamlar hamda ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar namoyish etilib, yosh kitobxonlarda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bayram munosabati bilan Zomin tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan tashrif buyurgan bolajonlarga shirinliklar ulashildi. Bolalarning quvonchli kayfiyati, samimiy tabassumi bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Yurtimiz kelajagi bo‘lgan aziz farzandlarimizni asrab-avaylash, ularning bilimli, barkamol va kitobsevar bo‘lib ulg‘ayishlariga ko‘maklashish barchamizning muhim vazifamizdir.
Zomin tuman axborot-kutubxona markazi barcha bolajonlarni bayram bilan tabriklaydi va ularga sog‘lik, baxt-saodat tilaydi.