"Bayroqqa sadoqat-yurtga sadoqat" nomli davra suhbati.
O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan joriy yilning 16 noyabr kuni Zomin tuman axborot-kutubxona markazi "Tafakkur gulshani" kitobxonlar klubi a'zolari hamda "Temuriylar izdoshlari" nodavlat harbiy ta'lim maktabi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy hayotidagi ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari hamda bayrog‘imizning tavsifi haqida batafsil so‘z yuritildi. Zomin axborot-kutubxona markazi mutaxassislari bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgani, milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etishi alohida ta’kidlab o'tildi.
Shuningdek, davra suhbatida ishtirok etgan "Temuriylar izdoshlari" nodavlat harbiy ta'lim maktabi tinglovchilariga “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun, mazkur hujjatning jamiyat hayotidagi tutgan o‘rni hamda unga rioya etishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
https://telegra.ph/Bayroqqa-sadoqat-yurtga-sadoqat-nomli-davra-suhbati-11-16